Jallod “Ota o`g`il” davomi...
ZOQ TANAFFUSDAN KEYINGI TAShRIF
Yana paydo bo`lganida esa ikki shisha aroqni qo`ltiqlab Habibullanikiga otlandi. Mehmonga ko`zi tushgan Oydin, o`zidan bir yosh kichik jiyani Genani boshlab, tashqariga chiqib ketdi. Aroqni faqat ikkita piyolaga quyilganini ko`rgan Javohir, uy egasiga savol nazari bilan qaradi.
— Shifokorlar Vikaga ichishni butunlay taqiqlab qo`yishdi, — dedi Habibulla divan -karavotda rangi bir ahvolda yotgan xotinini ko`rsatib.
— Qaytaga yaxshi bo`ldi, mazza qilib ichamiz. Boshda do`stona gaplashib o`tirgan "ulfat"larning ovozi ikkinchi shisha yarimlagandan so`ng balandlashdi. Uy egasining maqtanchoqliklari mehmonning nafsoniyatiga tega boshladi.
— Qulog`imga lag`mon osavermang, Xaba,— dedi yigit qo`lini sherigiga bigiz qilib, — men yosh bola emasman.
— Mening oldimda sen ona suti og`zidan ketmagan go`daksan, tushundingmi? — o`rnidan turdi gandiraklab Habibulla. — Sen dumbulvoyga “laqabimni aytma”, deb ogohlantirganman.
Shundan so`ng uy egasi xotini yotgan divan -karavot ostiga mo`ralab, nimanidir izladi. Axtargan narsasini topolmagach, qo`shni xona eshigini ocharkan, g`o`ldiradi:
— Sen dumbulvoyni jazolashim kerak. Hukm o`qildi, shikoyatga o`rin yo`q! Vika bilan gapga chalg`ib qolgan Javohir, orqa tomonidan Habibullaning qo`lidagi temir bo`lagi bilan bergan zarbasiga chap berib qoldi. O`rnidan turgan yigit bir hamla bilan Habibullaning qo`lidagi temir bo`lagini tortib oldi-da, uning boshiga tushirdi. Boshiga yana ikki-uch marta temir kaltak tushganidan keyin tinmay baqirib-so`kinayotgan erkakning ovozi o`chdi. Javohir erini oxirgi daqiqalargacha qo`lidan kelgancha qattiq himoya qilgan Vikani ham ayamadi, boshiga ketma-ket uch marta temir bo`lagi bilan urdi. Xonaga birdan sukunat cho`kdi. Javohir qo`lidagi temirni uloqtirib yubordi-da, boshi qonga belanib yotgan Habibullani sudrab vannaxonaga olib kirdi. Ko`ngli nimadandir to`lmadi shekilli, uningboshini suv to`la vannaga tiqib qo`ydi. Vikaning jonsiz jasadini esa vannaxona devoriga suyab, o`tqizib qo`ydi. Ammo hali hushini yo`qotmagan Habibulla tizzalab o`tirib olib, allanarsalarni g`uldirab gapirganini eshitgan Javohir mixda ilinib turgan erkaklar ko`ylagining engini jabrlanuvchining bo`yniga sirtmoq qilib soldi-da, jon-jahdi bilan bo`g`a boshladi. Birpasdan keyin oyoq-qo`li, boshi shalvirab osilib qolgan murdani vannaga suyab, o`tqazib qo`ydi. Bu orada qayoqdandir paydo bo`lgan va murdalarni ko`rib qo`rqib qochgan Vikaning nabirasi Genani tutib olib mehmonxonaga sudrab kirdi. Bolani avval boshiga temir bo`lagi bilan urdi, keyin shu atrofdan dorga tortiladigan arqon topib, Genaning bo`yniga soldi. Bolaning murdasini qotil hojatxonaga olib kirib tashladi. Uyga mo`ralab, Javohirning harakatlaridan xabar topgan Oydin ham qochishga urindi. Javohir uni tutolmadi. Qizni qo`lga tushirolmagan qotilning “patagiga qurt tushdi”. Mamlakatdan qochib ketishni rejalashtirgan jinoyatchi xonadon chiroqlarini o`chirdi, eshikni qulflab, kalitni cho`ntagiga soldi-da, juftakni rostladi. U pasportini olib chegaradan o`tib ketayotganda ushlandi.
* * *
Uch nafar insonni o`ta shafqatsizlik bilan o`ldirgan, shuningdek balog`at yoshiga etmagan qizni zo`rlagan odamkush Javohir Umaralievga jinoyat ishlari bo`yicha Toshkent viloyat sudining hukmi bilan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
TAMOM